Suv ostida tanklar: Chirchiqda kursantlar tanklar yordamida suv ostida harkatlanish mashqlarini bajarishdi 

68

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari jangovar mashinalarni haydash fani doirasida navbatdagi murakkab amaliy mashg‘ulotlarni o‘zlashtirdi.

Bilim yurti dala o‘quv maydonida zirhli texnikalarning kechuvdan o‘tish va suv ostida harakatlanish ko‘nikmalarini mustahkamalashga ixtisoslashgan mashq nuqtasi joylashgan.
Avvaliga g‘avvoslar guruhi mashq bajariladigan suv havzasi tubini ko‘rikdan o‘tkazishdi. Kechuvdan o‘tishdan oldin zirhli texnikaning sozligi va ekipajning mashg‘ulotni bajarish uchun jismoniy holati va ruhiy tayyorgarligi tekshirildi.

Bo‘lajak ofitserlar T-62 tankida kechuvdan o‘tish, suv ostida harakatlanish mashqini bajardi. Shuningdek, piyodalar jangovar mashinalarida suv yuzasida suzib o‘tishni o‘zlashtirdi. Ushbu o‘quv amaliyoti zirhli texnikani suvda boshqarishdan tashqari tank ekipajining uyushqoqlik bilan harakat qilishi va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlaydi. Ya’ni ularda murakkab sharoitlarga tushib qolganda to‘g‘ri yo‘l tutish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Tankning suvga tushishdan oldin yo‘nalishni to‘g‘ri olishi mashqni muvafaqqiyatli yakunlashda muhim o‘rin tutadi. Mashg‘ulot tartibiga ko‘ra zirhli texnika kechuvga sekin tushiriladi va suvdan chiqqach, yuqori tezlikda haydab ketilishi kerak. Mashqlarning to‘g‘ri va aniq bajarilishini mashg‘ulot rahbarlari kuzatib bordi. Kun davomida mashqlar rejada belgilanganidek muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek shu kunining o‘zida BMP-2 piyodalar jangovar mashinasida ham suv yuzasida suzib o‘tish mashqlari o‘zlashtirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati